YAKKABOGʻDARYO

YAKKABOGʻDARYO (Irgʻayli, Saritoʻqay, Qizildaryo) — Qashqadaryo havzasidagi sersuv daryolardan biri. Tanxozdaryoning chap irmogʻi. Uz. 99 km. Havzasining mayd. 1180 km2, shu jumladan, suv toʻplash mayd. 755 km2. Hisor tizmasining gʻarbiy yon bagʻridagi muzlikdan 3949 m balandlikda boshlanadi. Yuqori oqimida Irgʻayli, keyinroq Saritoʻqay, Qizildaryo nomlari bilan maʼlum. Yakkabogʻ qishlogʻidan oʻtgach, Yakkabogʻdaryo deb ataladi. Daryoning yuqori oqimida unga buloqlardan boshlangan koʻp sonli jilgʻalar quyiladi. Asosiy irmoqlari: oʻngdan — Qarankoʻlsoy, chapdan — Tirna. Daryoning suvi bu qismida sugorishga sarflanadi. Asosan, qor va muzliklar suvidan toʻyinadi. Oʻrtacha koʻp yillik suv sarfi Tatar qishlogʻi yonida (boshlanishidan 50 km masofada) 6,11 m3/sek. Oʻrtacha yillik suv sarfi 12,6 m3/sek. dan (koʻp suvli yilda) 2,15 m3/sek. gacha (kam suvli yilda) oʻzgaradi. Toʻlinsuv davri mart — avgust oyida. Eng koʻp sutkalik suv sarfi may — iyunda (koʻp suvli yilda 72,1 m3/sek., kam suvli yilda 17 m3/sek.) kuzatiladi. Daryoning eng kam suv sarfi dek. — mart oylarida boʻladi.