YAZD

YAZD — Eronning markaziy qismidagi shahar. Yazd ostonining maʼmuriy markazi. Aholisi 327 ming kishi (1997). Transport yoʻllari chorrahasi. Toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Qadimdan gilam va shoyi toʻqiladi. Hunarmandchilikda turli buyumlar tayyorlanadi. Shahar yaqinidan polimetall rudalar qazib olinadi.

Yazd Sosoniylar davri (3—4-asrlar)da qalʼa sifatida vujudga kelgan. 14-asr boshlarida Muzaffariylar davlati poytaxti. Oʻrta asrlarda karvon yoʻlidagi muhim savdo shahri boʻlgan. Oʻsha davrda shahar oʻzining shoyi, kimxob, baxmal gazlamalari hamda miniatyura maktabi va badiiy keramika buyumlari bilan mashhur edi. 16-asrda Safaviylar davlati tarkibiga kirdi. Yazdda tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiy (15-asr), shoir Muhammad Farroh Yazdiy (1889—1939) yashab ijod etganlar. Meʼmoriy yodgorliklardan Imom maqbarasi (1037), qalʼa (1137) va Amir Chaqmoq masjidi (1299— 1300) saqlangan.