YAVA DENGIZI

YAVA DENGIZI — Tinch okeanning gʻarbiy qismidagi dengiz, Sumatra, Yava va Kalimantan o. lari oraligʻida. Qirgʻoqlari baʼzi joylarda marjon riflari bilan oʻralgan. Mayd. 552 ming km2. Eng chuqur joyi 1272 m. Suvining yuza qismidagi t-rasi 27—28°. Shoʻrligi 31,5—34°/00. Suv sathining koʻtarilishi sutkalik (bal. 2 m gacha). Dengizdan baliq ovlanadi, marvarid olinadi. Yirik portlari: Jakarta, Semarang, Banjarmasin.