YOʻLBARS

YOʻLBARS (Panthera tigris) — mushuksimonlar oilasiga mansub sut emizuvchi hayvon. Shu oilaning eng yirik vakili. Tanasining uz. 160—290 sm (baʼzan 3 m dan ortiq), dumi 114 sm gacha, vazni 390 kg gacha. Boshi yumaloq, mallarang, tanasining orqa va yon tomonlarida koʻndalang qora yoʻllari boʻladi. 7 ta kenja turi maʼlum. Gʻarbiy va Jan.-Sharqiy Osiyo hamda Hindiston ya. o. da tarqalgan. Rossiyaning Primorye oʻlkasida amur Y. i (P.t. altaica) uchraydi. 20-a. ning 30-y. gacha Kavkaz ortida, 50-y. gacha Amudaryoning quyi oqimida (turon Y. i P.t. virgata) uchragan. Yoʻlbars 20 a. boshlarigacha Chirchiq havzasida ham yashagan. Yoʻlbars, asosan, toʻqaylar, qalin qamishzor va togʻ oʻrmonlarida yashaydi. Ular yovvoyi tuyoqli hayvonlar, jumladan, toʻngʻizlarni ovlaydi, odamxoʻr Yoʻlbars kamdan-kam uchraydi. 2—3 yilda bir marta bolalaydi, homiladorlik davri 98—112 kun, 2—6 ta bola tugʻadi; 5—6 oy emizadi. Bolalari 1—2 yoshida mustaqil yashay boshlaydi. Soni juda kamayib ketgan, barcha kenja turlari Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.