YOXANNESBURG

YOXANNESBURG — JARdagi shahar, Transvaal provinsiyasida. Aholisining soni jihatidan mamlakatdagi katta shaharlardan: 1,9 mln. kishi (1991).

Yoxannesburg 1886-y. da oltinga boy konlar yonida vujudga kelgan. 1899—1902-y. lardagi Angliya-Burlar urushi davomida Yoxannesburgni inglizlar bosib oldi. 1910-y. da Jan. Afrika Ittifoqi tarkibiga kiritildi. 1955-y. daJan. Afrikaning irqchilikka qarshi kongressi Yoxannesburgda Ozodlik xartiyasini qabul qildi. Yoxannesburg — JARning eng katta savdo va sanoat markazi. Yirik t. y. tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Yoxannesburg va uning atrofida metallsozlik, mashinasozlik (kon mashinalari va b.), kimyo, poligrafiya, toʻqimachilik, elektrotexnika, qismlardan avtomobil yigʻish, koʻn va oziq-ovqat sanoati korxonalari, olmosga sayqal beruvchi f-kalar, yirik elektr st-yalar mavjud. Shaharda asosiy kon va moliya konsernlarining boshqarmalari, fond birjalari joylashgan. Un-t, astronomiya rasadxonasi, ratusha binosi (1915), sobor (1926), kutubxona, teatr (1962), banklar va b. bor.