YIRTQICH QUSHLAR

YIRTQICH QUSHLAR (Falconiformes) — kushlar yeynfining turkumi. Tanasi yirik yoki oʻrtacha kattalikda, eng mayda vakili—karlik lochin qanotining uz. 9—10 sm; eng yirik amerika tasqarasining qanoti 115 sm, yoyilganida 2,5—3 m, vazni 8—12 kg. Tumshugʻi kuchli rivojlangan, uchki qismi ilmoqqa oʻxshash egilgan boʻlib, oʻljasi terisini yirtish va etini uzib olishga moslashgan. Oyoqlari oʻrtacha uzunlikda, panjalari kuchli rivojlangan, tirnoqlari oʻtkir, ilmoqsimon egilgan. Tirnoqlari yordamida chang solib oʻljasini oʻldiradi va uni ushlab turadi. Yirtqich qushlarning tumshugʻi asosidagi terisi patsiz, ochiq rangli boʻlib, tanasining boshqa qismidan ajralib turadi. Patlari tigʻiz boʻlishi, koʻzlari boshining 2 yonida joylashganligi bilan yapaloqqushlardan farq qiladi. Jigʻildoni juda keng, tana vaznining deyarli yarmiga teng keladigan oziqni sigʻdiradi. Koʻpchilik turlari monogam. Tuxumdan chiqqan joʻjasining koʻzi ochiq, tanasi pat bilan qoplangan boʻlsa ham uyada uzoq vaqt yashaydi. Koʻpchilik Yirtqich qushlarning nari va modasi bir xil rangda, koʻpincha nari modasiga nisbatan kichikroq yoki bir xil kattalikda (amerika kondorining nari yirikroq) boʻladi. Kunduzi hayot kechiradi. Yer yuzida keng tarqalgan. Ancha uzoq yashaydi. Tutqinlikda lochin 55, burgut 46, tasqara 69, qirgʻiy 25 yil yashagan. Yilda bir marta, baʼzan 2-marta koʻpayadi. Daraxtlar shoxi, kavagi, qoyalar va yerga uya quradi yoki boshqa qushlar uyasini egallaydi. Odatda, oʻsha juftning oʻzi har yili bir joyning oʻziga uya kurib, bola ochadi. Yirik Yirtqich qushlar 1—2 ta, maydalari 6—7 ta, baʼzan 9 tagacha tuxum bosadi. Tuxumini bittadan bir necha kun davomida qoʻyganidan uyadagi joʻjalari ham har xil yoshda boʻladi. Yirik Yirtqich qushlar (Mas, burgut, boltayutar) 2 oy, maydalari 1 oyga yaqin tuxum bosadi. Mayda va oʻrtacha kattalikdagi qushlarning joʻjasi 1 oydan, yirik qushlarniki 3, hatto 4 oydan soʻng uchirma boʻladi. Yirtqich qushlar har xil hayvonlar, asosan, sut emizuvchilar, qushlar va hasharotlar, baʼzan hayvonlar oʻlimtigi b-n oziklanadi. Tropik mintaqalarda (Afrika) yashovchi ayrim Yirtqich qushlar mevalar bilan oziqlanadi. Oʻljasini havodan turib izlaydi; shuning uchun koʻzlari, uchish qobiliyati yaxshi rivojlangan. Yilda bir marta uzoq vaqt toʻliq tullaydi.

Yirtqich qushlar kishilarning xoʻjalik faoliyatida muhim ijobiy ahamiyatga ega. Koʻpchilik turlari q. x. ekinlari zararkunandalari, kemiruvchilar, hasharotlarni qirib foyda keltiradi. Boshqalari esa kuchsiz va kasallangan hayvonlar bilan oziklanishi tufayli tabiatda doim sodir boʻlib turadigan tabiiy tanlanish asosiy omili hisoblanadi. Yirtqich qushlarning soni kamayib borayotganligi sababli koʻpchilik mamlakatlarda muhofaza qilinadi. 290 ta turi maʼlum. Yirtqich qushlar turkumi 5 ta oilaga boʻlinadi. Oʻzbekiston hududida lochinlar va qarchigʻaylar oilasiga mansub boʻlgan 40 turi uchraydi.

Ochil Mavlonov.