YIRTQICH PASHSHALAR

YIRTQICH PASHSHALAR, ktirlar (Asilidae) — qoʻshqanotlilar turkumiga mansub hasharotlar oilasi. Yirtqich pashshalar yirik pashshalar boʻlib, tanasining uz. 4—40 mm. Boshi keng va harakatchan, mustahkam xartumi bor, qorni uzun va yassi, lichinkasi oq yoki sariq, chuvalchangsimon, silindr shaklda, aksariyat boshi va keti tomon ingichkalashib boradi. Gʻumbagi yopiq, oyoklari va oʻsimta belgilari aniq koʻrinadi. Yirtqich pashshalar toʻgʻriqanotlilar (chigirtka va b.), qoʻshqanotlilar, pardaqanotlilar va baʼzi qoʻngʻizlarga hujum qiladi. Yirtqich pashshalar lichinkasi koʻpincha tuproqda yashaydi va qirsildoq qoʻngʻizlar, qora qoʻngʻiz, buzoqboshi qoʻngʻizlari, gʻalla qoʻngʻizlari va b. lichinkalari bilan oziqlanadi. Oqish (Asilus albiceps Mg.), sargʻish Yirtqich pashshalar (A. rufi nerois Mg.) va b. turlari keng tarqalgan. Ekinzor Yirtqich pashshalar ikkilamchi hasharot hisoblanadi. Lekin chigirtkalar koʻplab urchigan yillari Yirtqich pashshalar zararkunandalar oʻchogʻini tugatishda katta amaliy ahamiyat kasb etadi (yana q. Foydali hasharotlar).

Norqoʻzi Ergashev.