YIRING

YIRING, madda, fasod, patos — yalligʻlangan joyda toʻplanadigan suyuqlik (ekssudat); leykotsitlar (oq qon tanachalari), monotsitlar, neytrofillar, oqsillar, shuningdek, toʻqimalarning parchalanish mahsulotlaridan iborat. Yiring yiringlatuvchi mikroblar (stafilokokklar, streptokokklar, gonokokklar va b.), shuningdek, baʼzi kimyoviy moddalar (skipidar va b.) yalligʻlantirgan toʻqimalarda hosil boʻladi. Yiringning rangi uni hosil qilgan mikrob turiga bogʻliq; sariq Y. — stafilokokk, yashil Yiring koʻplab parchalangan leykotsitlar, iflos qoʻngʻir Y. — chirituvchi mikroblar, badboʻy Yiring — chirituvchi mikroflora va parchalangan toʻqimalar borligini bildiradi. Yiringning quyuq-suyuqligi (konsistensiyasi) uning paydo boʻlish muddatiga ham bogʻliq, Mas, yangi hosil boʻlgan Yiring suyuq, vaqti ancha oʻtgani quyuq boʻladi. Yiring boylagan joy tevarak-atrofidagi toʻqima va aʼzolardan parda bilan ajralgan boʻlsa, abssess deb ataladi. Yiringdan qonga zaharli moddalar oʻtadi, shuning uchun biror joyda Yiring paydo boʻlsa, darhol uni yoʻqotish chorasini koʻrish lozim.