YIL

YIL — vaqt oʻlchov birligi: Yerning Quyosh atrofida bir marta toʻla aylanib chiqadigan vaqtga yaqin. Uning davomiyligiga olimlar qadimdan qiziqqanlar. Qad. Xitoy va Misrda Yil ancha aniq hisoblangan. Yunon olimi Gipparx mil. av. 2-a. da Yil «1/300 kuni kam 365 1/4 kun» ekanligini aniqlagan. Bu esa hozirgidan farq qiladi (q. Kabisa yil). Hoz. vaqtda turli Yil tushunchalari qoʻllaniladi. Mac, Quyoshning koʻrinma harakatida uning yulduzlarga nisbatan ketma-ket 2-marta bir xil vaziyatni egallashi orasida oʻtgan davr yulduz Yili (siderik Yil) deyiladi; uning davomiyligi 365,256360 oʻrtacha sutkaga teng. Quyoshning bahorgi teng kunlik nuqtasidan ketma-ket 2-marta oʻtishi orasidagi davr tropik Yil deyiladi, u 365,242196 oʻrtacha sutkaga teng. Bundan tashqari, anomalistik Yil — Quyoshning perigeliydan ketma-ket 2-marta oʻtish orasidagi davr (365,259641 oʻrtacha sutka), ajdar Y. — Quyoshning Oy orbitasi tugunlarining biridan (koʻtariluvchi yoki pasayuvchi) ketma-ket ikki marta oʻtishi orasidagi davr (346,620047 oʻrtacha sutka) va b. Y. hisoblari mavjud. Shuningdek, Yilning fasl, oylarga boʻlinishi va davomiyligiga qarab hijriy – qamariy, hijriy-shamsiy Yil hisoblari va h. k. mavjud (q. Kalendar).