OFIURALAR

OFIURALAR (Ophiuroidea), ilondumlilar — ignaterililar sinfi. Disksimon, gavdasi 10 sm gacha, undan 5 ta (baʼzan 10 tagacha) egiluvchan nurlar tarqaladi. Ayrim Ofiuralarning nurlari koʻp marta shoxlanadi (gorgonotsefallar). Gavdasining uzunligi nurlari bilan birga 0,5 m ga yetadi. Koʻpchilik Ofiuralar singan nurlarini regeneratsiya qilish xususiyatiga ega. Tropik dengizlarning sayoz qismida yashaydigan Ofiuralar rangi juda chiroyli. 2 turkumi: terili Ofiuralar (beshnurli va barcha shoxlangan nurli Ofiuralarni oʻz ichiga oladi) va haqiqiy Ofiuralarga ajratiladi. 2 mingga yaqin turi bor; dengiz va okeanlar tubida litoraldan boshlab 8 km chuqurlikkacha uchraydi. Koʻpchiligi ayrim jinsli, ayrim turlari germafrodit, Jinsiy hujayralarini suvga chiqaradi, lichinkasi ofiopleteus. Ayrim turlari oʻzgarish orqali rivojlanadi; tuxumdan chiqqan yosh Ofiuralar maxsus chiqarish xaltasida usadi. Fitoplankton va zooplankton organizmlarni oqimga qarshi yoyilib turadigan qoʻllari bilan ushlaydi. Baʼzan dengiz tubida koʻplab toʻplanadi; bentofag baliklar uchun oziq (yana q. Ignaterililar).