ORGAN

ORGAN (yun. organon — qurol, asbob) — damli klavishli musiqa cholgʻu asbobi. Turli oʻlchamdagi (yogʻoch va metall) trubalar toʻplamidan, pnevmatik tizim (havo haydovchi qurilma va havo oʻtkazgichlar) dan va boshqarish minbaridan tashkil topgan. Bir qancha klaviaturalari — manuallari (qoʻl bilan bosish uchun) va pedallari (oyoq bilan bosish uchun) boʻladi. 14-a. dan O. Gʻarbiy Yevropada avval cherkov, keyinchalik dunyoviy cholgʻu asbobi sifatida keng tarqalgan. Asosan, yakkanavoz musiqa asbobi sifatida ishlatiladi. J. Freskobaldi, F. Kuperen, G. Pyorsell, Ya. Svelink, I. S. Bax, F. Mendelson, F. List, M. Reger, S. Frank, 20-a. da B. Britten, P. Xindemit, O. Messian, A. Onegger va b. ning Organ uchun yaratgan asarlari mashhur. Oʻzbekistonda Organ uchun birinchi asarlarni G. Mushel yozgan (Syuita, 1947; Organ va violonchel uchun poema, 1948 va b.). Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida Organ sinfi mavjud. Oʻzbekiston ijrochilaridan R. Karimova, T. Levina va b. tanilgan.