OPTIMETR

OPTIMETR (yun. optos — koʻrinuvchi va… metr) — chiziqli oʻlchamlarni oʻlchaydigan asbob; richagli-optik mexanizm yordamida nisbiy usulda oʻlchaydi. Mexanizmda richagli uzatgich sifatida tebranma koʻzgu, optik oʻzgartirgich sifatida avtokollimatsion (fokusdan chiqqan yorugʻlik nurini avtomatik tarzda yana fokusga qaytaruvchi) naycha qoʻllaniladi. Birinchi marta (1837-y.) nemis muhandisi N. Sakston oʻlchash asboblarida tebranuvchi koʻzgudan foydalangan. 1925-y. Germaniyada avtokollimatsion kuzatish trubasi va tebranuvchi koʻzgudan foydalanib Optimetr tayyorlangan. Keyinchalik bunday asbob ancha takomillashtirilgan. Optimetrning vertikal va gorizontal xillari bor. Kuzatish trubasida oʻlchash natijasi okulyar yoki proyeksion usulda hisobga olinadi. Optimetr trubasining shkalasi 1 mkm li boʻlinmalarga boʻlingan, shkala boʻyicha oʻlchash chegarasi ± 100 mkm. Boʻlinmalarning qiymati 0,2 mkm, oʻlchash chegarasi 25 mkm boʻlgan O. Ultraoptimetr deyiladi. Optimetr kalibr, yassi-parallel plitalar va b. ning chiziqli oʻlchamlarini oʻlchashda ishlatiladi.