OPARIN Aleksandr Ivanovich

OPARIN Aleksandr Ivanovich (1894.2.3, Uglich sh. — 1980.21.4, Moskva) — rus biokimyogari, akad. (1946). Moskva un-ti prof. (1929-y. dan), SSSR FA biokimyo in-ti direktori (1946 — 1980).

Asosiy ilmiy ishlari Yerda hayotning paydo boʻlishi, tirik hujayralarga fermentlarning taʼsiri mexanizmlarini aniqlash va oʻsimliklar xom ashyosini qayta ishlash texnologiyasi kabi muammolarni hal qilishga qaratilgan. Yerda hayotning paydo boʻlishi bilan bogʻliq boʻlgan nazariyani ilgari surgan (1922). Bu nazariyaga koʻra, Yerda hayotning paydo boʻlishi moddiy tuzilma rivojlanishining qonuniy bosqichi hisoblanadi. Nazariya hozir Oparinning kimyoviy nazariyasi deb yuritiladi. Oparin tirik hujayralardagi fermentativ reaksiyalar qaytar xarakterga ega ekanligini tushuntirib berdi (1935). Oparinning ishlari bir kancha biokimyoviy jarayonlar, xususan, non i. ch., sharbatlar tayyorlash, vinochilik, choy va tamaki tayyorlash texnologiyasini ishlab chiqishda katta ahamiyatga ega boʻldi.

As: Izmeneniye deystviya enzimov v rastitelnoy kletke pod vliyaniyem vneshnix usloviy, M., 1922; Vozniknoveniye jizni na zemli, 5 izd., M., 1980.