ONIXOFORALAR

ONIXOFORALAR (Onychophora), birlamchi traxeyalar (Protracheata) — umurtqasiz hayvonlar tipi. Tanasi boʻgʻimlarga boʻlingan (13 tadan 43 tagacha), qurtga oʻxshash, uz. 15 sm gacha, yupqa kutikula bilan qoplangan. Boʻgʻimlarida 1 juftdan kalta, xitin tirnoqli sodda tuzilgan oyoqlari bor. Boshi gavdasidan aniq ajralmagan, unda ogʻzi, 1 juft uzun moʻylovlari, ular orasida 1 juft koʻzlari joylashgan. Gavda boʻshligʻi aralash, bosh miyasi 3 boʻlimdan iborat, qorin nerv stvoli 2 ta. Nafas olish organlari — kuchsiz rivojlangan traxeya naychalari. Qon aylanish sistemasi tutash emas, hazm qilish sistemasi nayga oʻxshash. Ayirish organlari oyoklari asosiga ochiladigan naychalardan iborat. Ayrim jinsli, koʻpchiligi tirik tugʻadi. 1 ta sinfi — onixoforalar, 70 ta turi bor. Jan. yarim sharning tropik va moʻtadil iqlimli oʻrmonlar toʻshalmasida yashaydi. Yirtqich, ogʻiz soʻrgʻichlari aj-ratib chiqaradigan yopishqoq shilimshiq modda yordamida oʻlja tutadi. Ilgari Onixoforalarga halqali chuvalchanglar bilan boʻgʻimoyoklilarni bogʻlab turadigan oraliq formalar sifatida qaralgan. Hozir ular halqali chuvalchanglardan ajralib chiqqan hayvonlarning mustaqil tipi hisoblanadi.