«OYNA» — oʻzbek tilidagi toʻngʻich jurnal. 1-soni 1913-y. 20 avgda chiqqan. Jur. Samarqandda nashr qilingan, 2 tilda — oʻzbek va fors tillarida chop etilgan. «Oyna» Turkiston jadidlarining rahnomasi — Mahmudxoʻja Behbudiy to-monidan asoslangan va uning muharrirligida faoliyat koʻrsatgan. «Oyna» xususiy jur. boʻlib, 400—600 nusxada toshbosmada chop qilingan, muxlislar orasida obuna va chakana savdo yoʻli b-n tarqalgan. «Oyna» avvaliga haftada 1-marta 24 sahifada, keyinroq 15 kunda 1-marta 35 sahifada chiqarilgan. Materiallar «Bayoni hol», «Samarqand xabarlari», «Axbori jahon», «Reklama» nomli doimiy ruknlar ostida chop etilgan. «Oyna»ning bir qancha xorijiy Sharq mamlakatlarida ham muxlislari boʻlgan.
«Oyna»ni chiqarishda M. Behbudiyga samarqandlik iqtidorli qalamkashlar: Saidrizo Alizoda, Rojiy, Hoji Muinlar koʻmaklashganlar. Jur. da chetdan maktab, madrasa muallimlari, elga tanilgan adiblar, ilm axllari hamkorlik qilganlar. M. Behbudiy noshirlik, muharrirlik vazifalarini ado etish bilan birga, jur. ning qariyb har bir sonida dolzarb mavzulardagi sermazmun, sara maqolalar b-n koʻrinib turgan. M. Behbudiy va uning jadid safdoshlari Turkistonning milliy va diniy za-minda taraqqiy etmogʻini koʻzlaganlar. Shu bois oʻlka taraqqiyotining jadidlar nazarda tutgan bu ikki asosiy yoʻnalishiga daxldor muammolar «Oyna»ning ham diqqat markazida turgan.
Turkistondagi tub aholini zamonaviy ilmu urfondan, maʼrifatdan bahramand etish maqsadida nashr qilingan. «Oyna» jur. asosiy diqqatni oʻlkadagi milliy taʼlim tizimini yangilashga yoʻnaltirgan. Jur. sahifalarida chop qilingan materiallarning aksariyati maorifga aloqador. Jur. jamoatchilik oʻrtasida ham diniy, ham dunyoviy ilmlarni oʻrgatuvchi yangi «usuli jadid» maktablarini tashviq qildi, bunday maktablar uchun darsliklar, bilimdon muallimlar tayyorlash va-zifasini eslatib turdi, milliy oʻzlikni anglash muammolariga katta eʼtibor berdi.
Vatanparvarlik, millatparvarlik gʻoyalarini, betakror tarixiy madaniy merosimizni keng targʻib qilish — «Oyna»ning muhim xususiyatidir. Bu fazilatni M. Behbudiy qalamiga mansub «Turkiston», «Samarqandda Sherdor madrasasi», «Ulugʻbek rasadxonasi», «Sart soʻzi majhuldir», «Sayohat xotiralari» va b. maqolalardan yaqqol his etish mumkin. «Oyna» milliy tilga doir maqolalarida jamoatchilikni milliy tilni taraqqiy ettirishga, uning sofligini asrashga daʼvat etib, «har millat oʻz tili ila faxr etar», deya uqtirgan.
«Oyna» 1915-y. ning 15-iyuniga qadar nashr qilingan. Jami 68 ta soni chiqqan.