OYMURZAYEV

OYMURZAYEV Joʻlmurza (1910, Chimboy tumani —1996, Nukus) — shoir va dramaturg, Oʻzbekiston (1981) va Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi (1974). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1957). Mehnat faoliyatini maktabda oʻqituvchilikdan boshlagan, soʻng gaz. Va jur. tahririyatlarida ishlagan, bir necha yil davomida Qoraqalpogʻiston yozuvchilari uyushmasini boshqargan (1944—51; 1958—62). «Oʻzbekxronikalfilm» studiyasining Qoraqalpogʻiston filialida rahbar, katta muharrir (1968—84). Ijodiy faoliyati 1927-y. dan boshlangan. «Kurash» (1935), «Biz kurashda gʻolib chiqdik» (1938) dostonlari yangi qoraqalpoq sheʼriyatining shakllanishi va rivojiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan. Oymurzayev «Qahramonona kurash» (1942), «Mening pahlavonlarim» (1943), «Taskin» (1946), «Shoir soʻzi» (1949), «Yosh avlodga» (1951), «Shonli doʻstlar» (1954), «Nurli yoʻldan» (1955), «Amudaryo boʻyida» (1958), «Odamlar, men sizlarni sevaman» (1978) va b. sheʼriy va nasriy kitoblar muallifi.

Oymurzayev dramaturg sifatida «Byurokratlar», «Leytenant Yeshmuratov» (1943), «Oygul va Obot» (1946—62), «Berdaq» (1958—77), «Ravshan» (1959), «Sevikli doktor» (1960), «Hayot bulogʻi» (1967) singari pyesalar yaratgan. «Koʻmekboyning nayranglari» (1958) birinchi qoraqalpoq hajviy romani va «Yetim qalbi» (1961— 67) memuar qissasi mashhur. Oymurzayev rus, yevropa va oʻzbek adabiyo-tining namunalarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilgan. Berdaq nomidagi Qoraqalpogʻiston Davlat mukofoti laureata (1968).

As: Asarlar [2 j. li], T., 1961—62; Saylanma [2 j. li], T., 1980.