OYDIN

OYDIN (taxallusi, asl ism-sharifi Sobirova Manzura) (1906.20.11 — Toshkent — 1953.30.5) — yozuvchi, dramaturg. Xotin-qizlar bilim yurti (Inpros)da (1919—23) va Samarqand pedakademiyasida (1927 — 31) oʻqigan. Oʻzdavnashrda boʻlim boshligʻi (1931), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida masʼul kotib (1932 — 37). «Yorqin hayot» jur. Muharriri oʻrinbosari (1938-41), Oʻzbekiston Radioqoʻmitasida adabiy eshittirishlar boʻlimi masʼul muharriri (1941—45), «Oʻzbekiston xotin-kizlari» jur. bosh muharriri (1946—53).

Ilk sheʼrlar toʻplami — «Tong qoʻshigi» (1931) va «Chechan qoʻllar» (1932)da oʻzbek ayollarining hayotda tutgan oʻrni, qadr-qimmati va oʻziga xos xarakterini realistik boʻyoqlarda tasvirlagan. «Chaqaloqqa chakmoncha» (1939), «Qizlarjon» (1943), «Shirin keldi» (1944), «Mardlik — mangulik» (1947), «Hikoya va ocherklar» (1952), «Hikoyalar» (1954) kabi kitoblari oʻzbek hikoyachiligining eng yaxshi namunalaridir. Oydin asarlarining asl mohiyatini badiiy adabiyotning azaliy muammosi boʻlgan yaxshilik va yomonlik oʻrtasidagi kurash tashkil etadi. Drama («Yangilikka qadam», 1925), ayrim sanʼat arboblari; M. Turgʻunboyeva, H. Nosirova va b. haqida ocherklar, adabiy-publitsistik maqolalar muallifi. Toshkent koʻchalaridan biriga Oydin nomi berilgan.

As: Sheʼrlar, T., 1937; Hikoyalar, T., 1967; Shiringa maktub, T., 1975; Gulsanam, T., 1985.

Ad.: Zulfiya, Oydin Sobirova [ocherk], T., 1953; Mirzayev S, Oydin, Adabiy portret, T., 1965.