OYGAYING

OYGAYING — Toshkent viloyatidagi togʻ daryosi. Talas Olatovi va Piskom tizmasi tutashgan yerdagi (Toʻqmoqsoldi dovonidan shim.-sharqda) muzliklardan Shovursoy nomi bilan boshlanadi. Uz. 76 km, havzasining mayd. 1102 km2. Suv yigʻilish maydonining oʻrta-cha bal. 2998 m.

Oygaying chuqur va tor vodiyda oqadi. Qayir va birinchi koʻhna qayir (terrasa) yaxshi rivojlangan. Qad. muzliklardan qolgan morenalar koʻp uchraydi. Daryo oʻzani katta-katta xarsang toshlar bilan toʻsilganligi sababli,ayrim yerlarda shovvalar hosil boʻlgan. Mavsumiy qor, qorliklar va muzliklardan toʻyinadi. Iyul—sent. da suvi koʻpayadi (44—46%). Oʻrtacha koʻp yillik suv sarfi 27,9 m3/ sek., oʻrtacha oqim moduli 27,2 l/sek, km2. Umumiy uz. 206 km dan ortik, 100 ta irmogʻi bor. Yiriklari: Tastorsoy, Oqqopchigʻay, Barqiroqsoy, Koʻksuv, Beshtorsoy, Charaolmasoy.