ODAMATO

ODAMATO — islomga (shuningdek, iudaizm va xristianlikka) koʻra, Alloh tomonidan yaratilgan yer yuzidagi birinchi odam va inson zotining otasi. Qurʼonga koʻra, Alloq Odamatoni loydan oʻzining yerdagi oʻrinbosari (xalifa) sifatida yaratib, unga oʻz ruhidan jon ato etgan. O. Abulbashar (insoniyat otasi) deb ham ataladi. Islomda Odamato birinchi paygʻambar hisoblanadi. Alloh Odamatoga barcha narsalarning nomlarini oʻrgatdi va bu bilan uni farishtalardan yuqori qoʻydi, farishtalarga Odamatoga bosh egib sajda qilishni buyurdi. Faqat Iblis sajda qilishdan bosh tortdi. Iblis takabburligi va sarkashligi tufayli jannatdan quvildi. Odamato jufti haloli Momohavo bilan jannatda yashab, ularga barcha neʼmatlardan yeyishlikka ruxsat berildi, faqatgina bir daraxtning mevasidan yeyish taqiqlandi (Aʼrof surasi, 19—21-oyatlar). Iblis Odamato bilan Momohavoni aldab, taqiqlangan daraxt mevasini yediradi. Buning jazosi evaziga ular jannatdan chiqarilib, ularning avlodlari yerda yashashga va mehnat qilishga mahkum etiladi.