OBIXINGOV

OBIXINGOV — Tojikistondagi daryo, Vaxsh daryosining chap irmogʻi. Uz. 196 km, havzasining mayd. 6660 km2. 500 ga yaqin katta-kichik irmogʻi bor. O. Fedchenko muzligining tarmogʻi — Garm muzligidan boshlanadi, gʻarbiy yoʻnalishda oqib, Labitor qishlogʻi yaqinida Surxob b-n qoʻshilib, Vaxshni hosil qiladi. Obixingov asosan, muzliklarning hamda mavsumiy qor qoplamining erishidan hosil boʻlgan suvlar hisobiga toʻyinadi. Oʻrtacha yillik suv sarfi 225 m3/sek. Jazirama yoz oylarida Obixingovda toʻlinsuv davri kuzatiladi. Eng katta suv sarfi 1300 m3/sek. gacha yetadi. Oqimining asosiy qismi (80% ga yaqini) may—sent. oylariga toʻgʻri keladi. Daryoda eng kam suvli davr kuz-qishda kuzatiladi.