OBIZARANG

OBIZARANG (Dashnobodsoy) — Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi soy, Toʻpolon daryosining chap irmogʻi. Uz. 58 km, suv toʻplash mayd. 330 km2. 60 ga yaqin irmogʻi bor. Hisor tizmasining jan. tarmogʻi — Qoldirgʻa togʻlarining jan. yon bagʻirlaridagi buloqlardan boshlanadi. Obizarang mavsumiy qor va yomgʻir suvlaridan toʻyinadi. Obizarangda 1928-y. dan gidrologik kuzatishlar yoʻlga qoʻyilgan. Oʻrtacha yillik suv sarfi 3,5 m3/sek. Obizarang oqimining 80—85% mart—iyun oylariga toʻgʻri keladi, apr. —may oylarida oʻrtacha oylik suv sarfi 25 m3/sek. gacha yetadi. Obizarangda tez-tez sel toshqinlari ham kuzatilib, suv sarfi 100 m3/sek. ortadi. Yozning oxiri va kuzda quyi okimida oʻzani quruq boʻladi. Obizarang suvi, asosan, sugʻorishga sarflanadi.