OBIDIY Ismoil Eldinovich

OBIDIY Ismoil Eldinovich (1880, Gʻulja — 1941/42, Krasnoyar oʻlkasi) — jurnalist, jamoat arbobi, oʻzbek davriy matbuotining asoschilaridan biri. Gʻuljadagi Rossiya elchixonasi xodimi oilasida tugʻilgan. Otasi vafotidan keyin 1890-y. da onasi bilan birga Qozonga koʻchib kelgan va shu yerdagi real bilim yurtida oʻqigan. Inqilobiy kayfiyatdagi yoshlar guruhiga mansub boʻlganligi uchun 1900-y. da Bishbek sh. ga surgun qilingan. Oradan bir yil oʻtgach, Peterburgga borib, haykaltaroshlik va meʼmorlik bilim yurtida oʻqigan (1901 — 1905). 1905-y. voqealarida qatnashgani uchun 3 y. ga Turkiston (Toshkent)ga surgun qilingan. O. Toshkentda oʻzbek, tatar va rus maʼrifatparvarlari yordamida 1906-y. boshlarida Toshkent jadidlarining «Taraqqiy» gaz. ni chiqargan. Uning muharriri Obidiy toshkentlik jadidlar oʻrtasida «Ismoil Taraqqiy» nomi bilan mashhur boʻlgan. Obidiy 1912—17 y. larda turli joylarda ishlaydi. 30-y. larning oʻrtalarida A. Qodiriy b-n yaqinlashib, uning «Obid ketmon» qissasini rus tiliga tarjima qiladi.

Oʻz oldiga faqat chorizmga qarshi ku-rash vazifasini qoʻygan O. Okt. toʻntarishidan keyin bolsheviklar foydasiga xizmat qiladi. Shunga qaramay, 1938-y. 13 yanv. da eserlar partiyasining sobiq aʼzosi va yapon razvedkasining josusi sifatida qamoqqa olinadi va 1940-y. 9 fev. da Krasnoyar oʻlkasiga 5 y. ga surgun qilinadi.

Naim Karimov.