NEAPOL — Italiyaning jan. qismidagi shahar. Neapol qoʻltigʻi sohilida, Vezuviy vulkani etagida joylashgan. Kampaniya viloyati va Neapol pro-vinsiyasining maʼmuriy markazi. Mamlakat jan. dagi muhim iqtisodiy va madaniy markaz. Aholisining soni boʻyicha mamlakatda 3-oʻrinda (2001-y. da 993,3 ming kishi), atrofidagi shaharlar b-n birgalikda Katta Neapol aglomeratsiyasini tashkil etadi. Transport yoʻllarining yirik tuguni, dengiz porti (yiliga 15 mln. t yuk ortib-tushiriladi). Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Katta Neapol — yirik sanoat markazi: neftni kayta ishlash, neft kimyosi, metallurgiya, mashinasozlikning turli sohalari (jumladan, kemasozlik, pri-borsozlik, stanoksozlik, samolyotsozlik, avtomobilsozlik), elektrotexnika va radioelektronika sanoatlari rivojlangan. Oziq-ovqat, toʻqimachilik, qogʻoz, sement sanoati korxonalari mavjud. Neapol — xalqaro turizm markazlaridan boʻlganligi sabab-li, aholining koʻp qismi xizmat koʻrsatish sohasida band. N. daun-t, vulkanologiya st-yasi, rasadxona, opera va drama teatrlari, milliy muzey, ba-diiy galereya, botanika bogʻi, dengiz akvariumi bor.
Neapol — qadimda yunonlar qishlogʻi boʻlgan. Mil. av. 327—326-y. larda Rim imperiyasi egallagan. Neapol — Italiyanint qad. yunon madaniyat markazlaridan biri boʻlgan. 1193-y. da Sitsiliya qirol-ligiga qoʻshib olingan, 1266-y. dan uning poytaxti. 1282—1442 va 1501 — 04 y. larda Neapol qirolligi poytaxti. 1860-y. dan Birlashgan Italiya qirolligi tarkibida. Meʼmoriy yodgorliklardan ilk xristian katakombalari (2—5-a. lar), qasrlar (12—15-a. lar), gotika cherkovi (13-a.), sobor (13—20-a. lar), saroylar, monastir va b. saqlangan. Harbiy dengiz bazasi.