NABIYEV

NABIYEV Malik (1916.5.1, Toshkent) — rassom, pedagog, Oʻzbekistan BA akad. (1997), Oʻzbekistan xalq rassomi (1992). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1968). Toshkent rassomlik bilim yurtida taʼlim olgan (1933 — 37), Toshkent ped. in-tini tugatgan (1962). Toshkent rassomlik bilim yurtida (1938— 58), 1958-y. dan Toshkent pedagogika intining badiiy grafika f-tida oʻqituvchi, rangtasvir kafedrasi mudiri (1963-88), 1973-y. dan hoz. Toshkent pedagogika unti prof. Nabiyev, asosan, portret va tarixiy janrlarda ijod qiladi. Tarixiy mavzudagi asarlariga gʻoya va mavzuning ravshanligi, kurash, qarama-qarshiliklarda toʻqnashgan tomonlar holatini aniq belgilanishi, davr ruhini aniq tasvirlash kabi xususiyatlar xos boʻlsa, portretlarida zamondosh shaxslar tabiiy holatda, samimiy tasvirlanadi: «Doʻstim portreti» (1933), «Qoʻzgʻolon bostirildi» (1940), «Makedoniyaliklarga qarshi Spitamen qoʻzgʻoloni» (1960), «Abu Rayhon Beruniy» (1950, 1972), «Bobur» (1962), «Xalq artisti Hasanov» (1970), «Oʻqituvchi M. Gʻoipova» (1977), «Amir Temur» (1994) portretlari va b. Risolalar va uslubiy qoʻllanmalar muallifi. «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2000).

As.: Boshlangʻich sinflarda rasm chizish metodikasi, T., 1965; Rasm chizishni oʻrgatish metodikasi, T., 1971; Rangshunoslik, T., 1995.