NABIYEV

NABIYEV Joʻrabek (1941.10.2, Toji-kistonning Gʻulakandoz qishlogʻi) — xonanda (lirik tenor), bastakor, aktyor. Tojikiston xalq artisti (1980). Leninobod (hoz. Xoʻjand) ped. in-tini tugatgan (1963). Xoʻjand davlat musiqali komediya teatrida yakkaxon xonanda (1962—96), direktor (1996—98). Toshkent konservatoriyasining prof. (2000-y. dan). Fargʻona-Toshkent hofizlik maktabining namoyandasi boʻlib, Buxoro maqom ijrochilik uslubini ham mukammal oʻzlashtirgan. Nihoyatda keng repertuaridan maqom yoʻllari, bastakor ashulalari, katta ashulalar, oʻzbek, tojik va b. xalqlar qoʻshiqlari oʻrin olgan: «Nasrulloyi», «Samarqand Ushshogʻi», «Toshkent Iroqi», «Moʻgʻulchai Dugoh», «Feruz I-II», «Bebokcha» va b. Uning mualliflik qoʻshiqlaridan «Qarab qoʻy», «Unutmasman», «Sen tugʻilgan kun», «Qurbon boʻlsaydim», «El degay afsonadir» va b. oʻzining halqchilligi, mazmundorligi, musiqiy ifodaviyligi bilan ajralib turadi. Musiqiy teatr sahnasida Ozar («Tugallanmagan qoʻshiq»), Sodirxon («Uygʻonish») kabi obrazlar yaratgan. Osiyo, Yevropa, Amerika mamlakatlarida gastrolda boʻlgan. «Melodiya» grammyozuv firmasining «Oltin disk» mukofotiga sazovor boʻlgan (1990).