NABATEYa PODSHOLIGI

NABATEYa PODSHOLIGI — Iordaniya hududida qadimda mavjud boʻlgan davlat (mil. av. 3-a. oxiri — 2-a. boshi — mil. 106). Mil. av. 6-a. boshida Edem r-niga arab qabilalaridan nabateylar kelib oʻrnashgan. Ular xaqida ilk marta Bibliyada qayd etilgan. Mil. av. 3-a. oxiri — 2-a. boshlarida poytaxti Petra sh. boʻlgan Nabateya podsholigi vujudga kelgan, u ptolemeylar sulolasi boshqargan Misrning taʼsir doirasiga kirgan. Nabateya podsholigining 1-podshosi — Xaritat I (mil. av. 169-y. dan shoxlik qilgan). 87 (yoki 85) y. da Xaritat III (mil. av. 87—62) Damashqni boʻysundirgan. Mil. av. 60-y. lar oxiridan Nabateya podsholigi Rim vassali. Nabateya podsholigining ravnaq topgan davri Xaritat IV davriga (mil. 9—40) toʻgʻri keladi. Nabateya podsholigining soʻnggi podshosi Rabbil II (71 — 106) boʻlgan. 106-y. Rim imperatori Trayan N. p. ni tugatib, uning hududini Rimning Arabiston provinsiyasiga aylantirgan. Nabateyaliklardan hozir faqat oz sonli yozma yodgorliklar saqlanib qolgan.