NAMOZ PIRIMQUL OʻGʻLI

NAMOZ PIRIMQUL OʻGʻLI (taxm. 1877, Kattaqoʻrgʻon, Utarchi qishlogʻi — 1907) — Samarqandda milliy zulm va haqsizlikka qarshi koʻtarilgan ommaviy xalq xarakati boshligʻi. Barvaqt yetim qolib amakisinikida yashaydi. Keyin Samarqandga kelib, xat-savodini chiqaradi. Rus podshosiga mahalliy maʼmurlar kirdikorlaridan shikoyat qilib, bir necha bor xat yozadi. Natija chiqmagach, xalqning norozilik harakatiga boshchilik qildi. Namoz Pirimqul Oʻgʻli podsho amaldorlari, boy-badavlat kishilar mol-mulkini tortib olib kambagʻallarga, beva-bechoralarga ulashgan. Shuning uchun u yuqori tabaqalar, mustamlakachilar orasida «Namoz oʻgʻri», xalq oʻrtasida esa «Namoz botir» deb nom qozongan. Namoz boshchiligidagi guruh 1905-y. 29 okt. da qoʻlga tushib, Samarqand qamoqxonasiga qamaladi. 1906-y. 2 fev. da Namoz qamokdona ostidan 42 quloch uzunlikda lahim qazib, 60 nafar safdoshi bilan qochishga muvaffaq boʻladi. Namoz 3 yil davomida mahalliy maʼmurlarga qarshi xarakatga boshchilik qildi. Qoʻzgʻolonchilar, asosan, Samarqand, Kattaqoʻrgʻon tumanlarida harakat qilganlar (1904—07). Oʻz toʻdasidan chiqqan xoin tomonidan oʻldirilgan. Namoz Pirimqul Oʻgʻlining ishlari xalq oʻrtasida doston boʻlib ketgan. Xalq baxshisi Nurmon Abduvoy oʻgʻli «Namoz» dostonini yaratgan.

Naim Norqulov.