NAMANGAN TUMANI

NAMANGAN TUMANI — Namangan viloyatidat tuman. 1926-y. 29 sent. da tashkil etilgan. Sharkdan Uychi, Norin, shim. dan Kosonsoy, Yangikoʻrgʻon, Chortoq, gʻarbdan Toʻraqoʻrgʻon, jan. dan Mingbuloq, Andijon viloyatining Baliqchi tumanlari bilan chegaradosh. Mayd. 0,25 ming km2. Aholisi 170,9 ming klshiga yaqin (2003). Namangan tumanida 1 shaharcha (Toshbuloq), 12 qishloq fuqarolari yigʻini (Bogʻishamol, Ibrohim Rahmatov, Irvadon, Mirishkor, Oxunboboyev, Tepaqoʻrgʻon, Xonobod, Shoʻrqishloq, Uzbekistan, Qumqoʻrgʻon, Gʻalcha, Gʻirvon) bor (2003). Markazi — Toshbuloq shaharchasi.

Tabiati. Namangan tumani yer yuzasi tekislik, adir va doʻngliklardan iborat boʻlib, oʻzlashtirilgan dasht zonasiga kiradi. Toʻrtlamchi geologik davrning oqiziq jinslari (lyoss, loy, qum, shagʻal)dan tashkil topgan. Jan. ga tomon qiya (bal. 400—450). Tumanda yer osti suvi koʻp. Qurilish materiallaridan ohaktosh, gʻisht tayyorlanadigan tuproqlar bor.

Iqlimi quruq subtropik, yozi quruq, issiq, qishi qisqa, sovuq va sernam. Yogʻin-sochin kam (300—350 mm), bugʻlanish katta. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi — G, —3° iyulniki 26,3°. Vegetatsiya davri 236 kun. Ob-havo sharoiti subtropik mevalar (anjir, anor va b.) yetishtirish uchun qulay. Soy koʻp, vodiylari tosh-shagʻal b-n qoplangan. Tuproqlari adirlarda tipik va och boʻz tuproq, adirlar orasida sugʻoriladigan oʻtloqi, botqoq-oʻtloqi va botqoq tuproqlar tarqalgan. Tumanning shim. dan Shimoliy Fargʻona kanali, jan. dan Sirdaryo oqib oʻtadi. Katta Namangan kanali, Yangiariq, Namangansoy, Girvonsoy, Irvadonsoy, Ko-sonsoy kabi suv manbalaridan Namangan tumani darvozasi. ekinzorlar sugʻoriladi. Yovvoyi hayvonlardan chiyaboʻri, quyon va b., qushlardan yovvoyi oʻrdak, yovvoyi kaptar, ola-qanot, qaldirgʻoch, chumchuq, laylak, boyoʻgʻli va b. uchraydi.

Aholisining aksari qismi oʻzbeklar (98,6%), shuningdek, tojik, kirgiz, rus, tatar va b. millat vakillari ham yashaydi. 1km2 ga oʻrtacha 683 kishi toʻgʻri keladi. Shaharliklar 13,7 ming kishi, qishloq aholisi 157,2 ming kishi (2003).

Xoʻjaligi. Tuman xoʻjaligi aso-san, q. x. ga ixtisoslashgan. Sanoat, transport, aloqa korxonalari ham fa-oliyat koʻrsatadi. Paxtachilik, bogʻdorchilik, sabzavotchilik, gʻallachilik, chorvachilik b-n shugʻullaniladi. «Mirishkor» qoʻshma korxonasi, paxta to-zalash z-di, kichik va xususiy korxonalar, aksiyadorlik jamiyatlari ishlab turibdi. Q. x. ning yetakchi tarmogʻi — paxtachilik. Tumanda 13 xoʻjalikda paxta yetishtiriladi, ipakchilik bilan shugʻullanuvchi va sabzavot yetishtiruvchi shirkat xoʻjaliklari xam bor. 315 fermer xoʻjaligi 3730 ga yer maydonida faoliyat koʻrsatadi. Shulardan 114 tasi paxtachilik, 35 tasi gʻallachilik, 47 tasi sabzavotchilik, 78 tasi bogʻdorchilik, 41 tasi chorvachilik bilan shugʻullanadi. Ushbu fermer xujaliklarida 2316 kishi ishlaydi (2003).

2001/2002 oʻquv yilida 42 umumiy taʼlim maktabida 43 ming oʻquvchi, 3 ta q. x., sanoat va maxsus iqtisodiy kollej, maxsus iqtisodiy litseylarda 1700 dan ortiq oʻquvchi taʼlim oldi. Bolalar musiqa maktabi bor. Tuman madaniyat saroyi qoshida ashula va raqs ansambli, «Boʻston» folklor etno-grafik ansambli faoliyat koʻrsatmoqda. Tumandagi «Yosh texniklar» maskani jamoasi barcha tanlovlarda gʻolib chiqqan. Tumanda markaziy kutubxona, uning 35 ta filiali, madaniyat saroyi va 12 ta madaniyat uylari mavjud.

Markaziy stadion (15 ming oʻrin), yopiq tennis korti, 14 futbol, 17 basketbol, 21 qoʻl toʻpi, 85 voleybol maydoni va maydonchalari, 30 sport zallari ishlab turibdi. Jismoniy tarbiya va sport b-n 42 mingdan ziyod kishi mun-tazam shugʻullanmoqda. Sport seksiyalari va toʻgaraklarida 20 mingga yaqin sportchi ishtirok etmoqda. Namangan tumanida tuman markaziy kasalxonasi, yukumli kasalliklar, 5 qishloq, 2 xususiy kasalxonalar (630 oʻrin) mavjud. 1 ixtisoslashgan markaziy poliklinika, 1 tish davolash poliklinikasi, 14 qishloq vrachlik punkti, 30 feldsher-akusherlik punkti, 15 dorixona bor. Tumandagi barcha tibbiy muassasalarda 170 vrach, 883 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. 1962-y. 10-iyundan «Istiklol» tuman gaz. chikali (adadi 5 ming).

Murodulla Haydarov.