NAZAROV

NAZAROV Baxtiyor (1945.17.9, Toshkent) — adabiyotshunos olim. Oʻzbekiston FA akad. (2000), filol. fanlari d-ri (1984), prof. (1994). ToshDUni tugatgan (1966). Oʻzbekiston FA Til va adabiyot intida ilmiy xodim, ilmiy kotib (1969 — 72; 1979-83), direktor (1986—90), boʻlim mudiri (1996-y. dan). Oʻzbekiston FA Bosh ilmiy kotibi oʻrinbosari (1973 — 79), vitse-prezident vazifasini bajaruvchi (1999 — 2000). Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat maslahatchisi (1990 — 92), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari (1992— 94), ayni vaqtda «Oʻzbek tili va adabiyoti» jur. ning bosh muharriri (1986-94).

Nazarovning ilmiy ishlari 20-a. oʻzbek adabiyoti taraqqiyoti, xususan, tanqidchilik va adabiyotshunoslik metodologiyasi muammolari, adabiyot nazariyasi va adabiy aloqa masalalariga bagʻishlangan. Tadqiqotlarida Fitrat, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Abdulla Oripov mahorati oʻrganilgan. Oybekning 20 jildli Mukammal asarlar toʻplamini nashrga tayyorlashda katnashgan. Milliy istiklol gʻoyasi bilan sugʻorilgan, yangi tipdagi darsliklar (oʻrta maktabning 9, 11sinflari uchun «Oʻzbek adabiyoti», oliy maktab uchun «XX asr oʻzbek adabiyoti tarixi»)ning mualliflaridan biri.

As: Bu sehrli dunyo, T., 1980; Hayotiylik — bezavol mezon, T., 1985.