NAVOIY

NAVOIY — Navoiy viloyatidagi shahar (1958-y. dan). Viloyatning maʼmuriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Oʻzbekistonning jan.-gʻarbida, Zarafshon daryosi vodiysida, viloyatning sharqiy chekkasida, 347 m balandlikda. T. y. stansiyasi. Avtotransport yoʻllarining muhim tuguni, Toshkentdan 509 km. Iklimi kontinental, yillik oʻrtacha t-ra 15,G, iyulniki 28,3°, yanv. niki 0,4°. Mayd. 60 km2. N. tarkibida Karmana tumani bor. Aholisi 145,5 ming kishi (2003; 1995-y. —112,7 ming; 1974-y. —80 ming; 1960-y. —20 ming kishi).

N. Zarafshon vodiysidagi tez oʻsayotgan, yosh industrial shaqar, buyuk oʻzbek shoiri Alisher Navoiy nomiga qoʻyilgan. Zarafshon daryosining yaqinligi, yirik q. x. hududning markazida joylashganligi, transport bilan yaxshi taʼminlanganligi shaharning tez oʻsish omili boʻldi. N. Oʻrta Osiyoda yirik elektr energiya va kimyo sanoati markaziga aylandi. Navoiyda 136 aksiyadorlik jamiyati, 334 davlat korxonasi, 1103 xususiy korxona bor. Shaharda 21 yirik sanoat korxonasi mavjud. Viloyat sanoat korxonalari yalpi maxsulotining koʻp qismi Navoiyda ishlab chiqariladi. Shahar sanoat tarmoqlarida elektr quvvati, mineral oʻgʻitlar, ip hamda ipak gazlamalar ishlab chiqarilmoqda. «Navoiy-azot» i. ch. birlashmasi, elektr-kimyo z-di, Navoiy konchilik-metallurgiya, un, non k-tlari, Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, «Kizilqumsement» korxonasi, paxta tozalash, mashinasozlik, sut, ipak qurti z-dlari, «Sintepon» korxonasi, oziq-ovqat va mahalliy sanoat muassasalari bor. Sanoat, transport va q. x. texnikasini taʼmirlaydigan binolar, maishiy xizmat koʻrsatish k-ti hamda hunarmandchilik tarmoqlari ishlab turibdi. Shaharda xorijiy mamlakatlar b-n xamkorlikda qurilgan 18 dan ortiq qoʻshma korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda. Shulardan «Agama», «Zerispark» korxonalari samarali ishlamoqda. Shahar orqali Uchquduq, Buxoro, Nukus sh. lariga boruvchi t. y. oʻtgan. Navoiyda 20 ga yaqin yoʻnalishda avtomobil transporti qatnaydi. Xalqaro aeroporti Navoiyni Toshkent orqali Respublika viloyatlari va 20 dan ortiq xorijiy davlatlar bilan oʻzaro aloqalar oʻrnatishda xizmat qiladi. Shahar Navoiy viloyat hokimiyati binosi hududida (qad. Karmanadya) Mir Sayd Bahrom maqbarasi (11-a.), Qosim Shayx xonaqosi (16-a.) va b. meʼmoriy yodgorliklar mavjud. Navoiy yirik ilm-maʼnaviyat va maʼrifat markazlaridan. Bu yerda 2 oliy oʻquv yurti (Navoiy davlat pedagogika in-ti, Navoiy davlat konchilik inti), akademik litsey, 25 umumiy taʼlim maktabi, 3 Mehribonlik uyi (shundan 2 tasi oilaviy), 6 kollej, 3 maxsus internat-maktabi (shundan 1 tasi nogironlar uchun), biznes maktabi, 2 muzey (viloyat oʻlkashunoslik muzeyi, uning Qosimshayx Azizon majmuasi filiali, 2 madaniyat saroyi, madaniyat va istirohat bogʻlari, Yosh tomoshabinlar teatri, 8 jamoat kutubxonasi, stadion, suzish havzasi, 10 kasalxona, 5 poliklinika, shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish markazi, 7 tibbiy dispanser faoliyat koʻrsatadi. 1958—60 y. larda shahar yagona bosh plan asosida issiq iqlim, milliy anʼanalarni hisobga olgan holda qurilgan. Meʼmor va quruvchilardan bir guruhi davlat mukofotlariga sazovor boʻlishgan. Shahar koʻkalamzorlashtirilgan, favvora va suzish havzalari koʻp. Alisher Navoiy tavalludining 560-yilligi munosabati bilan Navoiyda Navoiy haykali oʻrnatildi (2001).

Zulxumor Abdiyeva, Ramazon Egamov