HURRIYAT

«HURRIYAT» — 1917-y. 16 apr. dan Samarqand jadidlari tomonidan nashr qilina boshlagan gazeta. Gaz. adabiy, iqtisodiy-siyosiy yoʻnalishda boʻlib, haftada 2-marta chiqib turgan. «Hurriyat»ga Akobir Shomansurov, Mardonqul Shomuhammedov, Abdura-uf Fitrat, Hoji Muin Shukrullo muharrirlik qilishgan. Samarqand jadidlari tomonidan tashkil etilgan «Zarafshon» shirkati kutubxonasining asosiy sarmoyasi shu gaz. ga sarf qilingan. «Hurriyat» 1917 — 18-y. larda Turkiston oʻlkasidagi, jumladan Toshkent, Samarqand va b. shaharlardagi siyosiy jarayonlarni yoritishda asosiy manbalardan biri hisoblangan. «Hurriyat»da Mahmudxoʻja Behbudiy («Buxoro voqealari», «Ittifoq kerak» va b.), Abdurauf Fitrat («Yurt qaygʻusi», «Musulmonlar gʻaflatda qolmang» va b.), Hoji Muin («Shoʻroi Islomiya va saylov», «Yordam kerak»), Saidrizo Alizoda, Saidahmad Siddiqiy, Xoʻqanboy Ab-duholiq oʻgʻli va b. ziyolilar oʻz maqolalari bilan muntazam qatnashib turganlar.

Gaz. milliy ishlar komissarligi tomonidan 1918-y. apr. da toʻxtatilib, uning oʻrniga «Mehnatkashlar oʻqi» nomli bolsheviklar mafkurasiga mos yangi gaz. nashr qilina boshlagan. Sinfiy kurash va bolsheviklar gʻoyalarini targʻib etadigan bu gaz. keyinchalik (1918—21) «Mehnatkashlar tovushi», «Kambagʻallar tovushi» nomlarida chop etilgan.