HABIBIY

HABIBIY (taxallusi; asl nomi Zokirjon Xolmuhammad oʻgʻli) (1890, Paxtaobod tumani Qoʻqon qishlogʻi — 1980.16.4, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq shoiri (1974). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1970). Qoʻqon va Andijondagi madrasalarda tahsil koʻrgan. Navoiy, Fuzuliy, muqimiy, Furqat asarlarini mutolaa qilib, aruz vaznining badiiy lato-fati va boy imkoniyatlarini qunt bilan oʻrgangan. Habibiyning gʻazalnavislik ijodi mazkur adabiy muhitda shakllanib borgan. Navoiyning 500-yilligiga tayyorgarlik ishlari boshlanishi bilan Habibiy safdoshlari Bokiy, mahjuriy, Anisiy va Sayfiy bilan birga Navoiy komiteti tomonidan taklif etilib, Toshkentga koʻchib kelgan (1938). Gʻ. Gʻulom, H. Olimjon, S. Ab-dulla, S. Mirzayev, S. Mutallibov singari allomalar bilan birga Navoiy adabiy merosini oʻrgangan. Habibiy 1939-y. da Fargʻona kanali qurilishiga shoir sifatida safarbar etilgan. Shu vaqtdan boshlab uning gʻazallari respublika davriy matbuotida eʼlon qilinib, mashhur hofizlar tomonidan ijro qilina boshlagan. Oʻz gʻazallari hamda mumtoz adabiyot va musiqa sohasidagi bilimi bilan hurmat qozongan Habibiy 1940-y. da Yangiyoʻlda tashkil etilgan viloyat musiqali drama va komediya teatriga adabiy emakdosh etib tayinlangan va 1946-y. ga qadar shu la-vozimda xizmat qilgan. «Mehnat qoʻshiqlari», «Yangi yallalar» (1949), «Kolxozchilar ashulasi» (1951), «Koʻngil taronalari» (1957), «Zamon farhodlari» (1959), «Tanlangan asarlar» (1967), «Devon» (1971), «Navroʻzi olam» (1973) va b. sheʼriy toʻplamlar muallifi. Habibiy ijodida sevgi va vafo, vatanga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat hamda sadoqat gʻoyalari ustuvorlik qiladi. Habibiy mumtoz oʻzbek sheʼriyati va, ayniqsa, musiqasini nazar-pisand qilmaslik, hatto feo-dal davrlarning sotsializmga yot merosi sifatida rad etish hollari avj olgan zamonlarda Navoiy. Muqimiy singari mumtoz shoirlarning hayot-baxsh anʼanalarini izchil davom ettirgan. Habibiyning adabiy merosi mumtoz oʻzbek adabiyotining gʻazal, murabba, muxammas, musaddas, ruboiy, tuyuq, qasida va doston singari janrlarida yozilgan 40 mingdan ziyod baytdan ibo-rat. Uning 300 dan ziyod gʻazallariga kuy bastalangan boʻlib, ularning ak-sari hozir ham ijro etiladi. H. Toshkentning Kamolon qabristoniga dafn etilgan. Toshkent, Andijon sh. lari va Paxtaobod tumanidagi koʻchalar Habibiy nomi bilan ataladi. Paxtaobod tumanida Habibiy uy-muzeyi barpo etilgan.

As: Devon, 2nashri, T., 1975.

Ad.: Nosirov O., Oʻzbek adabiyotida gazal, T.. 1973; Otajon U., Ustozlar xotirasi, T, 1998.

Naim Karimov.