HARBIY-HAVO KUCHLARI — qurol li kuchlarning operativ-strategik topshiriqlarni hal etishda mustaqil yoki qurolli kuchlarning boshqa turlari bilan hamkorlikda harakat qilish uchun moʻljallangan turi. Zamonaviy H.-H. K. jangovar imkoniyatlariga koʻra dushman aviatsiyasi, raketa qoʻshinlari, quruqlik va dengizdagi harbiy gruppirovkalarga, muhim harbiy obyektlarga qaqshatqich zarba berishga qodir. H.-H. K. quruqlikdagi qoʻshinlar va harbiy-dengiz flotida oʻtkaziladigan jangovar operatsiyalar, havo razvedkasi va havo desantini amalga oshirish, qoʻshinlarning manyovr qilishiga va ularning taʼminlanishiga koʻmaklashadi. H.-H. K. qurolli kuchlarning asosiy turlaridan biri boʻlib, muhim xususiyatlari keng miqyosda va yuksak darajada manyovr qilish, bir yoʻnalish va bir obyektdagi jangovar hara-katni zudlik bilan boshqasiga koʻchirish, shuningdek, dushmanning orqa tomoniga taʼsir oʻtkazish, ularning yirik statsionar va harakatdagi obyektlarini yakson etish uchun havodan turib qoʻqqisdan zarba berishdan iborat.
Oʻzbekiston H.-H. K. Qurolli Kuchlarning eng yuqori manyovrlangan qoʻshin turlaridan biri hisoblanadi. Ular quruqlikdagi qoʻshinlarni aviatsion jihatdan qoʻllab-quvvatlash, havo desantchilarini tashlash, qoʻshin va moddiy vositalarni havo orqali tashish, havo razvedkasini oʻtkazish, jang maydonida boʻlayotgan yirik ope-ratsiyalarning borishi va yakunlani-shiga taʼsir qilish, respublika havo chegaralarini mustahkam qoʻriqlash, kabi imkoniyatga ega.
H.-H. K. ga havodan turib dushmanning aviatsiya, quruqlikdagi qoʻshinlarini yakson qilish, davlat va harbiy boshqaruv tizimi, front va harbiy-iqtisodiy qudratiga molik obyektlar, transport kommunikatsiyalariga zarba berish vazifasi yuklatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi H.H. K. bombardimonchi, qiruvchibombardimonchi, qiruvchi aviatsiyadan, hujum, razvedka va transport aviatsiyasidan, shuningdek, turli maqsadlarga moʻljallangan vertolyotchi qismlardan iborat. Mamlakatimiz H.-H. K. zamonaviy qurol-aslahalar, navigatsiya vositalari, radioelektron qurilmalar, jangovar samolyotlar, vertolyotlar bilan taʼminlangan.