HAMADON

HAMADON — Eronning gʻarbiy qismidagi shahar. Hamadon ostonining maʼmuriy markazi. Aholisi 483,8 ming kishi (2004). Avtomobil yoʻllari chorrahasi. Mamlakat gʻarbiy qis-mining muhim savdo markazi. Oziq-ovqat, yogʻochsozlik, toʻqimachilik sanoati korxonalari mavjud. Hunar-mandchilikda gilam va matolar toʻqiladi, mis va teridan turli buyumlar tayyorlanadi. Un-t bor.

Shahar mil. av. 11-a. dan maʼlum. Hamadon nomi dastlab Ossuriya mixxatlarida Amatana, qad. fors tilida Hag-matana, yun. Agbatana yoki Ekbatana shaklida uchraydi. Mil. av. 7—6-a. larda Midiya poytaxti, mil. av. 550—549-y. lardan keyin Axomaniylarning yozgi qarorgohi. Salavkiylar, parfiyaliklar va sosoniylar davrida Mesopotamiyadan Sharqning boshqa mamlakatlariga oʻtuvchi savdo yoʻlining muhim markazlaridan biri. 7-a. dan Arab xalifaligi tarkibida. 11-a. da shaharni oʻgʻuzlar egalladilar. 1118—94 y. larda Gʻarbiy Erondagi Saljuqiylarga tobe boʻlgan Iroq sultonligining poy-taxti. 1220-y. da Hamadonni moʻgʻullar bosib olib, vayron qilganlar. 16 — 18-a. da Safaviylar davlati tarkibida. Eron—Turkiya urushlari davrida (16—18-a. lar) bir necha bor turklar qoʻl ostiga oʻtgan.