HAKIM

HAKIM (985-1021) – Fotimiylar sulolasidan boʻlgan xalifa (996-y. dan). Hakim davrida Fotimiylar xalifaligi nihoyatda kuchaygan. Hakim ichki siyosatida fuqarolar (ayniqsa xristian va yahudiylar) ommaviy ravishda taʼqib etilgan; baʼzan sunniy-musulmonlar ham quvgʻin qilingan. Hakim hukmronligi oxirida saroyda shialarning roli oshgan, ularning taʼsiri ostida Hakim (1017 yoxud 1018-y.) oʻzida Alloh mujassam etilganini eʼlon qilgan; buni eʼtirof etgan qavmlar druzlar firqasini tashkil etgan. 1021-y. 13 fev. da Hakim sayil qilib yurgan chogʻida sirli ravishda gʻoyib boʻlgan.