HAYDALMA QATLAM OSTI GORIZONTI

HAYDALMA QATLAM OSTI GORIZONTI, tuproqning haydalma qatlam osti gorizonti — koʻp yillar davomida yerga ishlov berish va sugʻorish natijasida tuproqning haydalma qatlami ostida hosil boʻladigan zich qavat. U, asosan, qumoq va soz mexanik sugʻoriladigan (baʼzan lalmikor yerlarda) tuproqlarni koʻp muddat (kamida 15—20 yil) mobaynida bir xil chuqurlikda haydash oqibatida shakllanadi; uning zichligi va qalinligi yerni oʻzlashtirish hamda sugʻorish muddatlari (davri)ga bogʻliq holda orta boradi. Bu qavat, odatda, oʻta zichlashganligi, yirik palaxsa kesakli tuzilishi, juda mayda kolloid loyqali zarrachalar miqdorining koʻpligi va suvga chidamli agregatlarning deyarli yoʻqligi bilan tavsiflanadi. Baʼ-zan uni tuproq «plugtovoni», «plug osti zich qatlami» deb notoʻgʻri atashadi. Haydalma qatlam osti gorizonti «plugtovon» (12—15 sm)ga qaraganda ancha qalin (18—25 sm) boʻladi. Tuproq «plugtovoni» H. q. o. g. ning eng ustki qismi boʻlib, yuqori hajm massasi (1,45—1,65 g/sm3) va kam umumiy gʻovaklikka (40—45%) ega. Ayniqsa choʻl zonasidagi mexanik tarkibi ogʻir va shoʻrtob sugʻoriladigan tuproqlarning zichligi yuqori, bu qatlam suvning shimilishi va sizib oʻtishini keskin kamaytiradi, ekinlar ildi-zining oʻsishi va rivojlanishiga, shuningdek shoʻrning yuvilishiga salbiy taʼsir etadi.

Haydalma qatlam osti gorizontining salbiy taʼsirini bartaraf etish uchun har 4—5 y. da bir marta shudgorlashda yerni chuqurroq haydab, shu qatlamni ham yumshatib turish yoki haydalma qatlam qalinligini asta-sekin oshirib borish zarur.