HAZRATI IMOM MAYIN (MUIN) MAJMUASI

HAZRATI IMOM MAYIN (MUIN) MAJMUASI — Qashqadaryodagi meʼmoriy yodgorlik (11 —19-a. lar). Hazrati Imom Mayin maqbarasi atrofida bunyod etilgan. Maqbara oldi ayvonli, naqshinkor 6 ustunga tayangan. Majmua devor bilan oʻralgan kichik (tashqi) va katta hovlidagi turli davrlarda qurilgan binolardan tashkil topgan. 11 — 14-a. larda maqbara (tarhi 5×5 m), ziyoratxona va masjid (7×7 m) qurilgan, maqbara hovlisida murabba tarhli (10×10 m) hovuz bor, hovuzning sharqida quduq mavjud. Maqbara 16 qirrali kulohiy gumbaz bilan yopilgan, yogʻoch sagʻana oʻyma naqshlar bilan ziynatlangan. Masjid gumbazli xonaqoh va 2 tomonli ayvondan iborat, ayvon shifti va ustunlari naqshlar bilan bezatilgan; masjid yonida chillaxona joylashgan. 19—20-a. larda xonaqohga tutash 2 xona qurilgan. 2004-y. da taʼmirlangan.