HAZRATI IMOM MAJMUASI

HAZRATI IMOM MAJMUASI, Hastimom — Toshkentdagi meʼmoriy yodgorlik (16—20-a. lar); majmua imom Abu Bakr Muhammad ibn Ali Ismoil gsh-Qaffol Shoshiy qabri atrofida shakllangan. Qabr va uning atrofida vujudga kelgan qabriston va meʼmoriy yodgorlik majmuasi Hazrati imom nomi bilan ataladi. Dastlab Baroqxon madrasasi, keyinroq Qaffol Shoshiy maqbarasi, 16-a. oxirlarida Suyunchxoʻjaxon va nomaʼlum maqbara, 1579-y. da Abdullaxon II mablagʻiga qoʻsh uslubida Shayx bobohoji maqbarasi qurilgan (saqlan-magan). 16-a. da majmua tarkibida sayrgoh bogʻ barpo etilgan, ayvonlar qurilgan, hovuz atrofi koʻkalamzorlashtirilgan, xalq sayillari oʻtkazilgan. 19-a. oʻrtalarida Toshkent namozgohi (Tillashayx masjidi), Moʻyi Muborak madrasasi, Jome masjidi (saqlanmagan) bunyod etilgan. 20-a. boshlarida Tillashayx masjidi qayta qurilgan. Eshon Boboxon ham shu joyda dafn etilgan. Hazrati imom majmuasida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi joylashgan.