HAZORASPIY

HAZORASPIY, Jaʼfarxoʻja ibn Nasriddinxoʻja al-Hu-sayniy alKarvakiy (18-a. oxiri — 19-a. ning 1-yarmi, Hazorasp sh.) — shifokor-tabib, olim. Hazorasp sh. yaqinidagi Karvak qishlogʻida tabib oilasida tugʻilgan. Hazorasp, Xiva va Buxoro madrasalarida oʻqib, mudar-ris boʻlib yetishgan. Ibn Sino, Abu Bakr arRoziy, Ibn Xammor, Abulgʻoziy Baho-dirxon asarlarini oʻrganib, tabiblikni egallagan. «Altabobat ul-majmua» («Tabobat masalalari toʻplami») asari muallifi. Asarning turli vaqtlarda koʻchirilgan nusxalari Xiva, Toshkent, Istanbul, Britaniya (Lon-don) muzey qoʻlyozmalar fondida saqlanadi. Asarda qon tomirlari va bosh miya tuzilishi, tashxis qoʻyishning bir necha turlari, ovqatlanish meʼyori, parhez, dorivor oʻsimliklardan oqilona foydalanish yoʻllari bayon etilgan. Nasldan-naslga oʻtuvchi surun-kali saramas kasalligi, jigar va oshqozon osti bezlarining yalligʻlanishi kabi xastaliklarni davolash usullari koʻrsatib berilgan. U bepushtlik, ayollar jinsiy aʼzolaridagi kasalliklarning paydo boʻlishi va ularni davolash usullari toʻgʻrisida ham bataf-sil maʼlumotlar bergan. H. Hazorasp tumanining Karvak qishlogʻidagi Shayx Husayn bobo qabristoniga dafn qilingan.

Ad.: Abdullayev A., Ocherki istorii razvitiya meditsinm v Xorezme. T., 1980: Doʻschanov B.. Hazorasp tarixi. Urganch. 1998.