HAZORASP TUMANI

HAZORASP TUMANI — Xorazm viloyatidagi tuman. 1926-y. 29 sent. da tashkil etilgan. Jan. dan Turkmaniston, jan.-sharqdan Buxoro viloyati, shim. dan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, gʻarbdan Bogʻot tumani bilan chegaradosh. Mayd. 2,06 ming km2. Aholisi 188,5 ming kishi (2005). Tumanda 1 shahar (Pitnak), 1 shaharcha (Hazo-rasp), 11 qishloq fuqarolari yigʻini (Beshta, Boʻston, Karvak, Ov-shar, Pichoqchi, Sanoat, Yuqori muhamon, Pitnak, Sarimoy, Tuproqqalʼa, Yangibozor). Markazi — Hazorasp shaharchasi.

Tabiati. Hazorasp tumani Xorazm vohasining jan.-sharqi va Qizilqum choʻlida joylashgan. Yer yuzasi pasttekislik, sharqdan gʻarbga bir oz qiya. Urtacha bal. 150—200 m. Tuman gʻarbiy qismining shim. chekkasi va sharqiy qismining janubi Amudaryo terrasalaridan iborat. Jan. chegarasi Qoraqum choʻliga tutash. Bu yerlarda choʻl relyefiga xos qum tepalari, qoldiq koʻllar (Hajjalikoʻl, Shoʻrkoʻl, Kepak, Uzunkoʻl, Qurvanak va b.) bor. Pitnak atrofida qirlar joylashgan. Tumanning sharqiy qismini Qizilqum choʻli egallagan. Iqlimi keskin kontinental, yanv. ning oʻrtacha t-rasi — 4,1°, eng past t-ra —32°. iyulniki 27°, eng yuqori t-ra 44°. Yillik yogʻin 100—110 mm. Vegetatsiya davri taxm. 200—210kun. Tumanning shim. va jan. dan Amudaryo oqib oʻtadi. Tuman ekinzorlari Amudaryodan suv oladigan Toshsoqa, Hazorasp kanallari va bu kanallardan chiqarilgan Pit-nakarna, Yangiyop, Hassayop, Kartibi-char, Ovsharyop, Muhamonyop va b. ariqlardan sugʻoriladi. Tuproqlari allyuvial oʻtloqi, botqoq va shoʻrxoklardan iborat. Sizot suvlari 1—3 m chuqurlik-da, qish va bahorda yer yuzasiga koʻtariladi va natijada tuproq yuza qatlamida tuz toʻplanadi. Qish va bahorda tuproq yuvilib oqava suvlar tumanning janlan oʻtgan Kattakoʻl kollekto-riga borib tushadi. Tuman jan. da Amudaryoda Oʻzbekistonda eng yirik Tuyamoʻ-yin suv ombori qurilgan. Yovvoyi oʻsimliklardan saksovul, roʻvak, turangʻil, tol, terak, jiyda, bugʻdoyiq, ajriq, shuvoq, semizoʻt, shoʻra, oqbosh, yulgʻun, yantoq, qamish, qoʻgʻa, yakan va b. oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan chiyaboʻri, quyon, tulki, boʻrsiq, nutriya, yumronqoziq, ondatra, kaltakesaklar, ilonlar; qushlardan tustovuq, birqozon, oʻrdak, gʻoz va b. uchraydi. Tumanning eng jan. da, Amudaryo boʻyida Qizilqum davlat qoʻriqxonasi tashkil etilgan.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tatar, qozoq, koreys, rus, turkman va b. millat vakillari ham yashaydi. Oʻrgacha aholi zichligi 1 km2 ga 91,5 kishi. Shahar aholisi 32,9 ming kishi, qishloq aholisi 155,6 ming kishi.

Xoʻjaligi. Tuman iqtisodiyotida q. x. yetakchi oʻrinda. Paxtachilik, gʻal-lachilik (shu jumladan, sholichilik) rivojlangan. Chorvachilik, pil-lachilik, bogʻdorchilik, polizchilik ham muhim oʻrin tutadi. Hazorasp tumanida dehqon, fermer xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatadi. Tumanda jami ekin mayd. 26,3 ming gektarga yaqin, shundan, 11,3 ming ga yerga paxta, 11,7 ming ga yerga don, 71 ga yerga kartoshka, 752 ga yerga sabzavot, shuningdek, ozuqa ekinlari ham ekiladi (2004). Tumandagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 51,2 mingdan ziyod qoramol (shu jumladan, 23,8 mingdan ziyod sigir), 39,5 mingga yaqin qoʻy va echki, 100,8 ming parranda boqiladi. Paxta tozalash, gʻisht z-dlari, MTP, avtokorxona, qurilish tashkilotlari, taʼmirlash ustaxonalari, mahalliy sanoat korxonalari, toʻqimachilik, palos f-kalari va b. bor. Butun Xorazm vohasi va undan tashqarida Hazorasp shaharchasidagi «Qozoqbozor» mashhurdir. Tumandagi faoliyat koʻrsatayotgan jami 1200 dan ziyol korxona va tashkilotdan 105 tasi yirik, 14 tasi oʻrta, 76 tasi kichik korxona, 1034 tasi mikrofirmadir. Qoʻshma korxonalardan Oʻzbekiston — Germaniya «Unixo», Oʻzbekiston — Turkiya «Xo-razmshakar» korxonalari faoliyat koʻrsatadi. Tuman hududida Amudaryo ustiga xalqaro ahamiyatdagi koʻprik qurilgan. Koʻprikdan sutkasiga 14 poyezd, 1000 ta avtomobil oʻtishi moʻljallangan.

49 umumiy taʼlim, bolalar musiqa va sport maktablari, Hazorasp tibbiyot, q. x., iqtiso-diyot, ped. kasb-hunar kollejlari, tuman markaziy kutubxonasi va uning 47 ta tarmogʻi, 35 klub muassasasi, madaniyat uylari, madaniyat va istirohat bogʻi, 2 stadion, sport zallari va b. sport inshootlari faoliyat koʻrsatadi. 660 oʻrinli 4 kasalxona (shu jumladan, tuman markaziy kasalxonasi), poliklinika, dorixonalar, 1 uchastka kasalxonasi, 5 qishloq ambulatoriyasi, 12 qishloq vrachlik, 16 feld-sher-akusherlik punktlari, 14 tish davolash poliklinika punkti va b. tibbiy muassasalarda 421 vrach (har 10 ming kishiga 22.6 vrach), shuningdek, 1850 oʻrta tibbiy xodim aholiga xizmat koʻrsatadi. Hazorasp tumani hududidan Urganch — Toshkent t. y. va avtomagist-rali oʻtadi. Tuman markazidan Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Denov va b. shaharlarga, Urganch sh. va Xorazm viloyatining barcha shahar va tumanlariga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Toʻrtkoʻl, Beruniy sh. lariga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi. Tarixiy va meʼmoriy yodgorliklardan Hazorasp qalʼasi (mil. av. 7—6 – a. lar), Xumbuzte-pa, «Sartarosh», Uchoʻchoq, Doshqalʼa, Juma masjidi (18a.), Shayx Husay-in bobo maqbarasi (19a.) va b. saqlangan. 1935-y. 21-maydan «Hazorasp-noma» gaz. chop etiladi.

Komil Nurjonov.