ALANQUVA

ALANQUVA — moʻgʻullarning afsonaviy ajdodi. Rashiduddinning yozishicha, barcha moʻgʻul qabilalari Dobunbayon va uning xotini Alanquvadan tarqagan. Alanquva oqila ayol boʻlib quralas qabilasidan (baʼzi manbalarga koʻra Xoʻrilartoy merganning qizi) boʻlgan. Ularning Belgunutoy va Bugunutoy ismli oʻgʻillari boʻlgan. Dobunbayon yoshlik paytida vafot etgan. Beva qolgan Alanquva, rivoyatlarga koʻra, tushida tuynukdan nurga burkangan malla sochli, koʻk koʻzli kishi unga asta-sekin yaqinlashib soʻng qaytib ketganligini koʻrgan. A. ilohiy moʻjiza bilan homilador boʻlib qolgan va uch oʻgʻil farzand tuqqan. Katta oʻgʻli — Bukun Qatagʻandan qatagʻan qabilasi oʻrtanchasi — Saljidan saljiut qabilasi tarqagan, kenjasi — Bodoncharqoon (Budanjir Munqaq) boʻlib, Chingizxon nasabi unga borib taqalgan. Bu uch oʻgʻildan tarqalgan barcha urugʻ-qabilalar nirun deb atalgan.