ABDULLOH NASRULLOHIY

ABDULLOH NASRULLOHIY (taxm. 15-a. 70 – y. lari — 16 – a. oʻrtalari) — tarixchi olim. 15-a. ning 90-y. larida Balx viloyati hokimi temuriyzoda Badiuzzamon Mirzo saroyida xizmat qilgan. Shayboniyxon Hirotni egallagach (1507), shayboniylar (Muhammad Shayboniyxon, Muhammad Temur sulton, Suyunchxoʻjaxon) xizmatida boʻlgan. Suyunchxoʻjaxonning oʻgʻli Sulton Muhammad (boshqa bir ismi Keldi Muhammad, Shoxruxiya viloyati hokimi) topshirigʻiga koʻra «Zubdat ulosor» asarini yozgan (taxm. 1533). Unda turkiy, moʻgʻul xalqlarining tarixi, turkiylarning afsonaviy bobokaloni Yofas ibn Nuxdan boshlab Movarounnaxr va Xurosonni shayboniylar bosib olgunigacha, dastlabki shayboniylar davridagi Movarounnaxr va Xurosondagi siyosiy hayot (1525-y. gacha) bayon etilgan.