ABDULMALIK

ABDULMALIK (Katta toʻra) (1848 — 1909, hoz. Pokistonning Peshovar sh. da vafot etgan) — Karmana, soʻng Huzor (Gʻuzor) bekligi beki (1860—68). Buxoro amiri Muzaffarning katta oʻgʻli. 1868-y. yozida amir Muzaffar boshchiligidagi Buxoro qoʻshinlari rus qoʻshinidan yengilgach, bu holdan norozi boʻlgan ruhoniylar, hukmron harbiy mulkdor tabaqa va fuqarolar Abdulmalik atrofiga toʻplana boshladilar va Shahrisabzda uni amir deb eʼlon qildilar. Amir Muzaffar oʻgʻliga qarshi qoʻshin tortdi, biroq zarbaga uchradi va rus maʼmurlaridan harbiy yordam soʻrashga shoshildi. Abramov boshchiligidagi rus qoʻshinlari 1868-y. 23 okt. da Abdulmalikdan tortib olib, amir Muzaffarga topshirdi. Abdulmalik atrof-tevarakdan kuch toʻplashga kirishgan, xususan Xiva xoni Muhammad Rahimdan madad istab borgan, soʻngra Hisor viloyatidan va turkmanlardan qoʻshin toʻplab, Qarshini otasidan tortib oldi. 1870-y. general Abramov qoʻshinlari Abdulmalikning kuchlarini tor-mor keltirib, Shahrisabz, Kitob va Qarshini amir Muzaffarga qayta olib berdi. A. Afgʻonistonga, soʻng Qashqarga (1873) oʻtdi. Qashqar Xitoy tomonidan bosib olingach, A. Hindistondan panoh topdi.