AVTOMATIK NAZORAT

AVTOMATIK NAZORAT — avtomatik xabarlash, oʻlchash va rostlash asboblari yordamida turli i. ch. jarayonlarini odam ishtirokisiz tartibga solib turish va qayd qilib borish. Avtomatik nazorat texnologik jarayon parametrlari (qiymatlari) ning oʻzgarishiga binoan mashina va apparatlarning boshqarish va tartibga solish organlariga tez va aniq taʼsir etishini taʼminlovchi asosiy vositalardan biri. Avtomatik nazoratda oʻlchash asboblari nazorat qilinayotgan parametrlarning qiymatlarini diagrammalarga yozib boradi yoki texnologiya jarayonini tartibga soluvchi, detallarni saralovchi va b. moslamalarga taʼsir etadi. Bunga differensial oʻlchash usuli, oʻrnini qoplab oʻlchash usuli, koʻpriksimon oʻlchash usuli va nol oʻlchash usulini qoʻllab erishiladi. Bu usullarning hammasi oʻlchash jarayonini pnevmatik (havo) yoki elektrik avtomatlashtirishga imkon beradi.