AVTOMATIK NUSXALASH

AVTOMATIK NUSXALASH — avtomatik qurilma yordamida namuna, model, andaza yoki chizmadan nusxa koʻchirib buyum yasash. Avtomatik nusxalash murakkab shaklli buyumlarni, mas, eshkak vintlarini, kema va samolyotlarning shakldor qismlarini, shtamp va b. ni yasashda qoʻllaniladi. Avtomatik nusxalash maxsus nusxalash stanoklari, frezerlash-nusxalash stanoklari va avtomatik agregatlarda bajariladi. Namuna, model yoki andazaning nusxasi ishlanayotgan buyumga mexaniq gidravlik, pnevmatik yoki elektrik kuzatish tizimi yordamida koʻchiriladi. Bu tizim namuna, model yoki andaza konturi (qiyofasi) boʻylab yuradigan qabul qiluvchi qurilma (datchik) dan, shu datchikning vaziyatlarini uzatuvchi kuchaytirgichdan va buyumga datchik koʻchirayotgan nusxa shaklida ishlov beradigan mexanizmni boshqaruvchi servomotordan iborat. Chizma nusxasi ishlanayotgan buyumga fotoelektrik datchik yordamida koʻchiriladi.