AVSTRALOPITEKSIMONLAR

AVSTRALOPITEKSIMONLAR (Australopithecinae) — odamsimon maymunlarning qirilib ketgan kenja oilasi. 3 turi — zinjantrop, parantrop, pleziantrop maʼlum. Pliotsen oxiri va pleystotsen boshlarida yashagan. Suyak qoldiqlari dastlab 1924-y. da Jan. Afrikaning Kalaxari sahrosidan, keyinrok, Markaziy Afrikaning Oldovay darasi (Tanzaniya), Omo daryo vodiysi (Efiopiya), Rudolf koʻli va Xadar degan joy yaqinida (Keniya) topilgan. Avstralopiteksimonlarning boʻyi 120—130 sm, tana massasi 30—40 kg, miyasining hajmi 500—600 sm3 boʻlgan, ikki oyokda tik yurgan, tuda boʻlib yashagan. Avstralopiteksimonlar oʻzlarini himoya qilish yoki hujum qilish uchun tosh, tayoq va suyaklardan foydalangan, degan taxminlar mavjud. Koʻpchilik antropologlarning fikricha, eng progressiv Avstralopiteksimonlar (prezinjantroplar) eng kad. tosh qurol yasagan odamlarning dastlabki ajdodi hisoblanadi. Avstralopiteksimonlarning qad. odamlarning bevosita ajdodi ekanligi uzil-kesil hal etilmagan.