AVEZOVA

AVEZOVA Sapargul (1927.7.7, Xalqobod) — Qoraqalpogʻiston (1957) va Oʻzbekiston (1967) xalq artisti. 1945-y. dan Qoraqalpoq davlat musiqali drama va komediya teatrida aktrisa. Asosiy rollari: Komila Shokirovna («Birinchi muhabbat»), Parshagul («Suymaganga suykanma»), Xadicha («Sarvqomat dilbarim»), Erita («Gerostatning nomi oʻchsin»), Xumor («Berdaq»), Qorasoch («Shubha»), Jannat xola («Qaynona»), Tangabika («Oy tutilgan tunda»), Farmonbibi («Kelinlar qoʻzgʻoloni»), Xumor ona («Ernazar Olakoʻz») va b. A. ijodining qamrovi keng, maishiy dramatik, oʻtkir xarakterli komediya janridagi rollarni meʼyoriga yetkazib ijro qiladi. Berdaq nomidagi Qoraqalpogʻiston Davlat mukofoti laureati (1980).