AVARLAR

AVARLAR (oʻzlarini maarulal deb ataydilar) — Dogʻistonda (496 ming kishidan ziyod) va Ozarbayjonning shim. gʻarbiy qismida (44 ming kishi) yashovchi yerlik xalq. A. va ularga yaqin xalqlarning umumiy soni Rossiya Federatsiyasida 544 ming kishi (1992). Avarlar islom dinining sunniy oqimiga mansub. Avar tilida soʻzlashadi. 19-a. ning 2-yarmida faqat Xunzax yassitogʻligida yashovchi aholi oʻzlarini Avarlar deb atashgan. Tarixan bir hududda shakllangan guruhlar, ayrim qabila qoldiqlarini rus adabiyotida Avarlar deb yuritilgan. Bular: salatovlar, baktlilar, koysubulilar, andallar, teletlilar, xunzaxlar, gidatlilar va b. A. atrofida and-sez (andodidoy) xalqlari va archinlar uyushayotgan boʻlib, ular garchi oʻzlarini Avarlar deb atayotgan boʻlsalarda, ayrim etnografik xususiyatlari va ona tillarini saqlab qolganlar. Avarlar chorvachilik, dehqonchilik, shuningdek bogʻdorchilik bilan shugʻullanadi. Ularda hunarmandchilik, xususan, zargarlik taraqqiy etgan.