CHOʻLLANISH

CHOʻLLANISH — qurgʻoqchil iqlimli oʻlkalarda ekologik tizimlarning buzilishi, ulardagi organik hayotning barcha shakllari yomonlashuviga va natijada tabiiyiqtisodiy imkoniyatlarning pasayib ketishiga olib keluvchi tabiiygeografik hamda antropogen jarayonlar majmui. Bu jarayonlar tabiiy oʻsimliklar turlari va miqdorining kamayishi, tuproq eroziyasi, tuproqning shoʻrlanishi va unumdorligining kamayib ketishi kabilardan iborat. Choʻllanish natijasida choʻllarning maydoni ortadi, choʻl tavsifli landshaftlar yuzaga keladi. Yer yuzasining 48,5 mln. km2 ga yaqin kismi choʻl va chala choʻllardan iborat boʻlib, uning 10 mln. km2 ga yaqini antropogen omillar taʼsirida yuzaga kelgan. Choʻllanish jarayoni deyarli barcha kitʼalarda, koʻproq Afrika, Osiyo, Avstraliya hamda Jan. Amerikaning qurgʻoqchil iklimli hududlarida kuzatilmoqda. Oʻrta Osiyoda Orol dengizi va Orolboʻyi regionida ham mavjud boʻlib, tang ekologik holat yuzaga keldi. Choʻllanish murakkab va jahon miqyosidagi ekologik muammoga aylandi. Choʻllanish 1968—79 y. larda Afrikada Sahroi Kabirning jan. hududlarida, gʻarbdan Mavritaniya va Senegaldan boshlab, sharkda Chad va Sudan chegarasigacha boʻlgan juda kata maydonda roʻy bergan va bu qurgʻokchilik «Sahel fojiasi» nomi bilan mashhur boʻldi. Choʻllanishni oʻrganish, oldini olish va unga qarshi kurashish choratadbirlari boʻyicha jahon miqyosida ishlar olib boriladi. Bu mavzudagi 1ilmiy anjuman 1977-y. da Keniyaning Nayrobi sh. da oʻtkazilgan va unda Choʻllanishga qarshi kurash rejasi ishlab chiqilgan. Bunday ilmiy anjumanlar Oʻzbekistonda 1981-y. da Toshkentda, 2000-y. da Samarqandda oʻtkazilgan. Oʻzbekiston Respublikasi 1995-y. 31 okt. da qurgʻoqchilik va Choʻllanishga qarshi kurash Xalqaro konvensiyasiga qoʻshilgan.

Shuhrat Zokirov.