CHAVCHAVADZE Ilya Grigoryevich

CHAVCHAVADZE Ilya Grigoryevich [1837.27.10(8.11), Kvareli 1907.30.8(12.9), Tbilisi] — gruzin yozuvchisi va jamoat arbobi. Peterburg universitetida (1857—61) tahsil koʻrgan. 1861-y. vataniga qaytib, gruzin adabiyotidagi inqilobiydemokratik yoʻnalishga boshchilik qilgan. 1864-y. dan eʼtiboran adabiy faoliyatdan tashqari, davlat va jamoatchilik muassasalarida ham xizmat qilib, 1861-y. islohoti tufayli dvoryanlar va dehqonlar oʻrtasidagi munosabatni muvofikdashtirish ishlari bilan shugʻullangan. Uzok, yillar gruzinlar oʻrtasida savodxonlikni tarqatish jamiyatiga rais, «Iveriya» gaz. ga muxarrir (1877 — 1902) va gruzin dramaturglari jamiyati hayʼatiga rahbar (1879-y. dan) boʻlib ishlagan. 1906-y. da esa Davlat kengashiga aʼzo etib saylangan. Ch. Tbilisidan Saguramoga ketayotganida chor oxrankasi josuslari tomonidan uldirilgan.

Chavchavadze ijodi 19-a. ning 50-y. larida boshlangan. «Roʻyo» (1859), «Bir necha manzara yoki Qaroqchi hayotidan bir lavha» (1860) dostonlari va «Faqir kishining hikoyasi» (1859—62), «U ham odammi?» (1859 — 63), «Otarning bevasi» (1880) qissalarida Chavchavadze fuzin jamiyatidaga sinfiytabaqaviy ziddiyatlarni, mehnatkash xalq haq-huquqlarining poymol qilinganini aks ettirgan.

Tabiat tasviriga bagʻishlangan «Kvareli togʻlariga» (1857) singari ayrim sheʼrlarni istisno qilganda Chavchavadzening poetik asarlarida ham vatanparvarlik gʻoyalari ustuvorlik kilgan. Shoirning xalq ijodi asarlari syujeti asosida yozilgan «Darvesh» (1883) dostonida inson jamiyatda yashashi va shu jamiyatni takomillashtirish yoʻlida mehnat qilishi lozim, degan fikr olgʻa surilgan. Gruzin adabiy tilini xalqqa yaqinlashtirish va gruzin adabiyotida realistik tasvir teranlashuvida Chavchavadzening xizmatlari katta. Asarlari koʻplab tillarga tarjima qilingan. Shoir Matsminda togʻi (Tbilisi)dagi gruzin adabiyoti va madaniyati arboblari panteoniga dafn etilgan.

As: Stixotvoreniya i poemы, Leningrad, 1979.